Poytaxtning umumiy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan shahar dizayn-kodi rasman tasdiqlandi.

25
12.03.2026
Ulashish
Poytaxtning umumiy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan shahar dizayn-kodi rasman tasdiqlandi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar  Kengashi shahar dizayn-kodini tasdiqladi. Bu haqidagi qaror Toshkent Invest Kompaniyasi buyurtmasiga ko‘ra, SM International tomonidan ishlab chiqilgan hujjat asosida qabul qilindi. Hujjatda poytaxt hokimiyatining takliflari ham inobatga olindi. Mazkur qaror jamoat joylarini rejalashtirish, shahar dizayni elementlarini joylashtirish, tijorat obyektlarini bezash hamda shaharning vizual identifikatsiyasiga oid qoidalarni belgilaydi. Unda dizayn elementlari kataloglari, turistik va gastronomik ko‘chalar ro‘yxati, shuningdek, obodonlashtirish va sanitariya tozaligi uchun ekspluatatsiya yig‘imi miqdori ham kiritilgan. Hujjatga ko‘ra, poytaxtdagi tuman hokimliklari ikki oy ichida bosh arxitektorlar nazorati ostida jamoat joylari chegaralari sxemalarini ishlab chiqishi kerak.  Arxitektura va shaharsozlik kengashi mavsumiy savdo, xizmat ko‘rsatish obyektlari va qurilish-montaj ishlarini loyihalashtirishda dizayn-kod talablariga rioya etilishini nazorat qiladi. Toshkent shahar hokimligi qurilish, ta’mirlash va rekonstruksiyaga ruxsat berishda, shuningdek yo‘llar, piyodalar yo‘lakchalari  va boshqa infratuzilma elementlari bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilganda ushbu qoidalarga rioya etilishini ta’minlaydi. To‘rt oy ichida poytaxt hokimiyati jamoat joylarida manzil ko‘rsatkichlari va navigatsiya elementlarini tasdiqlangan standartlar asosida o‘rnatish va almashtirish dasturini ishlab chiqadi. Shu bilan birga, dizayn-kod talablari kapital qurilishga oid shaharsozlik normalari va qoidalariga integratsiya qilinadi. Bino tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, rekonstruksiya qilish, yengil konstruksiyalar o‘rnatish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish, reklama elementlarini joylashtirish, shuningdek muhandislik tarmoqlari va transport infratuzilmasini loyihalashtirish hamda modernizatsiya qilishda dizayn-kod talablariga rioya qilish tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy bo‘ladi. Kengash qarori rasman e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach — kuchga kiradi. Bu esa poytaxtda shahar tashqi qiyofasi va jamoat joylarini rivojlantirish bo‘yicha yagona standartlarni tizimli ravishda joriy etish imkonini beradi.

Boshqa yangiliklar