Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda bino va inshootlarning zilzilabardoshligi hamda seysmik xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda noqonuniy qurilishlarning oldini olish, aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish hamda shaharsozlik sohasida huquqbuzarliklarni kamaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, vakolatli organlar ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan turar joy binolarini qurish holatlari saqlanib qolayotgani, ayrim obyektlarda seysmik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilmayotgani sohadagi davlat boshqaruvini yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Ushbu qonun loyihasida ko‘p kvartirali uy-joylarni ruxsatsiz qurganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilyapti. Jumladan, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, bunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, mazkur qoidabuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlik belgilash taklif etildi.